Yangiliklar

Jizzaxda shahrida “Kooperatsion birja va savdo” yarmarkasi bo‘lib o‘tdi

19 Aprel 2008 18:36

Jizzax shahrida “Kooperatsion birja va savdo” yarmarkasi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyatdagi 50 dan ziyod kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari o‘z mahsulotlarini namoyish etdi.

Jizzax viloyatida 20 mingdan ziyod tadbirkorlik subyekti faoliyat ko‘rsatmoqda. Xususiy sektorning viloyatda ishlab chiqarilgan sanoat mahsulotidagi ulushi 67 foizni tashkil etayotir.

Viloyat markazidagi “O‘zmatmarket” sho‘ba korxonasi ko‘rgazma zalida tashkil etilgan yarmarkadan turli sanoat, uy-ro‘zg‘or buyumlari, oziq-ovqat va yarim tayyor mahsulotlar o‘rin oldi. Jizzax shahridagi “O‘T-Jizantep” O‘zbekiston-Turkiya qo‘shma korxonasining serjilo gilamlari, “El-Erk-Nur” xususiy korxonasining turli hajmda qadoqlangan o‘simlik yog‘i, Zarbdor tumanidagi “Erkin burguti” fermer xo‘jaligi qoshidagi tikuvchilik sexining bejirim buyumlari, Mirzacho‘l tumanidagi “G‘alaba don” xususiy korxonasining yuqori sifatli un mahsulotlari yarmarka ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.

– Ichki bozordagi talabdan kelib chiqib, o‘tgan yil oxirida shifer ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydik, – deydi Jizzax shahridagi “Ko‘hinur” xususiy korxonasi rahbari Xolisxon Boboyeva. – Ilgari bu mahsulot boshqa viloyatlardan olib kelinar edi. Endilikda qurilish tashkilotlarini shifer bilan to‘liq ta’minlayotirmiz. Bu yil ham buyurtmachilar bilan 250 ming dona qurilish ashyosi yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzdik. Talab bo‘lsa, ishlab chiqarishni yanada kengaytiramiz. Ushbu yarmarkaning o‘tkazilishi biz, tadbirkorlar uchun o‘zaro tajriba almashish, aloqalarni yanada mustahkamlash, yangi hamkorlar bilan samarali shartnomalar tuzish imkonini berdi.

Manba: O`zA

913 marta o`qilgan / orqaga