Yangiliklar

Mijozlar xizmatida

09 Noyabr 2007 16:34

Xalq bankining Jizzax viloyat filiali hududdagi yirik moliya muassasalaridan hisoblanadi. Unga qarashli 12 tuman filiali, 12 mini bank hamda 73 ta shoxobcha aholiga xizmat ko‘rsatmoqda.

– Keyingi yillarda aholi uchun qator qulay va foydali omonat turlarining tashkil etilishi mijozlarni jalb etishda muhim omil bo‘lmoqda, – deydi bank filiallar faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limining boshlig‘i Islom Tojiboyev. – Shuningdek, mijozlarni kreditlar bilan ta’minlash bank faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Viloyat filiali shu yilning o‘tgan davrida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun yuridik shaxslarga 1milliard 182 million 654 ming so‘m kredit ajratdi. Aholining turmush darajasini yaxshilash, yangi ish o‘rinlarini ko‘paytirish bo‘yicha hukumat dasturlarini amalga oshirishda ham filial faol ishtirok etayotir.

Jizzax viloyatida g‘alla va paxta yetishtirish yuz foiz fermer xo‘jaliklari zimmasida. Viloyat ishlab chiqarishining shu xususiyatlarini hisobga olgan holda bank fermerlarga xizmat ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratmoqda.

2007 yil paxta xomashyosini yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish maqsadida filial tomonidan o‘tgan to‘qqiz oyda 8 milliard 143 million 692 ming so‘mlik imtiyozli kredit ajratildi. Bundan tashqari fermer xo‘jaliklariga qishloq xo‘jalik texnikalari uchun 526 million 695 ming so‘mlik, naslli mollar sotib olish uchun 221 million 100 ming so‘mlik mablag‘ berildi.

Davlatimiz rahbarining “Yosh oilalarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq Xalq banki Jizzax viloyat filiali ko‘magida 33 yosh oila iste’mol kreditiga ega bo‘ldi.

Hayotimizga yangi aloqa tizimlarining kirib kelayotgani bank oldiga ham zamonaviy xizmat turlarini joriy etish vazifasini qo‘ymoqda. Endilikda viloyat filialida “WESTREN UNION”, “CONTACT” jahon pul o‘tkazish tizimlari ishlab turgani mijozlarga qo‘l kelmoqda.

O‘zA

1215 marta o`qilgan / orqaga