Yangiliklar

Navoiy shahrida kooperatsion birja savdosi yarmarkasi o'tkazildi

25 Aprel 2008 19:19

Navoiy shahrida “O’zbekistonda ishlab chiqarilgan” yorlig’i ostida tayyorlangan sanoat mahsulotlari va kooperatsion birja savdosi yarmarkasi o’tkazildi.

Navoiy viloyati iqtisodiy salohiyati, yirik sanoat korxonalari va ishlab chiqarish imkoniyatlari bilan mamlakatimizda yetakchi o’rinlardan birini egallaydi. Mazkur yarmarkada ham viloyatda bu borada erishilayotgan yutuqlar o’z aksini topdi.

Ikki kun davom etgan yarmarkada Navoiy kon-metallurgiya kombinati, “Qizilqumsement”, “Navoiyazot”, “Navoiyelektrokimyozavodi” kabi o’nlab yirik sanoat korxonalari hamda ellikdan ortiq xususiy tadbirkorlik va kichik biznes sub’ektlari tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar namoyish etildi.

- Bunday yarmarkani o’tkazishdan maqsad ishlab chiqarish kooperatsiyasini yanada rivojlantirish, xo’jalik yurituvchi sub’ektlarga buyurtmalar portfelini shakllantirishga ko’maklashish, mavjud imkoniyat va zaxiralardan samarali foydalanish orqali mahsulot turi va hajmini ko’paytirishdan iboratdir, – deydi viloyat tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo boshqarmasi boshlig’i Naim Niyozov. – Bu galgi yarmarkada ham mamlakatimizning turli viloyatlaridan tashrif buyurgan o’nlab korxona, tashkilot va muassasalar vakillari tomonidan tegishli mahsulotlarni sotib olish bo’yicha shartnomalar imzolandi.

Manba: O`za

1536 marta o`qilgan / orqaga