21 Aprel 2008 19:52
Mamlakatimiz poytaxtida o‘z ishini boshlagan sanoat yarmarkasida “O‘zkimyosanoat” DAK tarkibiga kiruvchi korxonalar o‘zaro foydali hamkorlik, tarmoq ichida va tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha o‘z imkoniyat va salohiyatlarini namoyish etmoqda.
Tadbirning ochilishida ta’kidlanganidek, mamlakatimizda kimyo sanoatining yanada rivojlanishi, ishlab chiqarish quvvatlaridan oqilona foydalanish, energiyani tejovchi va ekologik xavfsiz texnologiyalarni joriy etish, eksportga yo‘naltirilgan va import o‘rnini qoplovchi raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish masalalariga katta e’tibor qaratilmoqda. Mamlakatimiz Prezidenti Islom Karimovning 2007 yil 27 iyulda qabul qilingan “2007-2011 yillar mobaynida Kimyo sanoati korxonalarini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash dasturi to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda. Tarmoq rivojida yangi davrni boshlab bergan ushbu hujjatda yuqori texnologiyalarni va zamonaviy boshqaruv tizimlarini qo‘llash asosida ishlab chiqarishning texnik darajasi va samaradorligini oshirishga oid ustuvor vazifalar belgilangan.
Ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, respublika sanoat kompleksining boshqa tarmoqlari bilan kooperativ aloqalarni rivojlantirish asosida import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Hozirgi paytda “O‘zkimyosanoat” DAK korxonalarida turli mineral o‘g‘itlar, sun’iy tola, polimer materiallar, noorganik moddalar, rezina-texnika mahsulotlari, energetika, oltin qazib olish tarmog‘i va yengil sanoat uchun kimyoviy reagentlar, o‘simliklarni kimyoviy himoya qilish bo‘yicha vositalar, defoliantlar, qishloq xo‘jaligida qo‘llaniladigan plenka – jami 250 turdagi mahsulot ishlab chiqarilmoqda. Ularning o‘nlab turi qator mamlakatlarga eksport qilinmoqda.
Kimyo sanoati korxonalarini modernizatsiyalash texnik va texnologik qayta jihozlash dasturi o‘ttizga yaqin investitsiyaviy loyihani qamrab olgan. Ushbu loyihalarni amalga oshirishga 380 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilgan bo‘lib, buning natijasida soha korxonalarida ishlab chiqarish hajmi 1,4 marotaba oshadi. Bunda korxonalarning energiya sig‘imi qisqaradi, mahsulot eksporti ortib boradi.
– 2007 yili bo‘lib o‘tgan birinchi Respublika sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasida import o‘rnini bosuvchi va mahalliylashtirilgan mahsulotlarni xarid qilish bo‘yicha 44,3 milliard so‘mlik, mahsulot yetkazib berish bo‘yicha esa 40,3 milliard so‘mlik shartnomalar imzolandi, – deydi “O‘zkimyosanoat” DAK boshqaruvi raisining o‘rinbosari Hamidulla Shermatov. – Tarmoqlararo kooperatsiya doirasida mashinasozlik, kabel mahsulotlari, kimyoviy xomashyo va jihozlar xarid qilish bo‘yicha shartnomalar imzolandi. O‘z navbatida, bizning korxonalarimiz oltin qazib oluvchi, neft-gaz, mebel, lok-bo‘yoq sanoati korxonalari uchun kimyoviy reagentlar yetkazib bermoqda.
Bu galgi yarmarka tashkilotchilari sheriklarimizga respublika kimyo korxonalari haqida imkon qadar ko‘proq ma’lumot berishga harakat qilishgan. Jumladan, respublikamizning eng yirik kimyoviy korxonalaridan biri – “Maksam-Chirchiq” OAJ endilikda 30 dan ortiq turdagi mahsulot, asosan, turli xil mineral o‘g‘itlar, kimyoviy materiallar, yelimlar ishlab chiqarmoqda. Hozirgi paytda bu yerda iqtisodiyotning boshqa tarmoqlari uchun zarur yangi materiallarni o‘zlashtirish ishlari davom etmoqda.
Import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish borasida olib borayotgan ishlarimizga misol tariqasida Qashqadaryo viloyatidagi kaliyli o‘g‘itlar ishlab chiqaruvchi Dehqonobod zavodini keltirishimiz mumkin. Hozirgacha bu turdagi o‘g‘itlar O‘zbekistonda ishlab chiqarilmas edi. Yangi zavod Tuybegatan kaliyli tuz koni asosida quriladi va yurtimiz ehtiyojlarini qondiribgina qolmay, bu muhim mahsulotni eksport qilish bilan ham shug‘ullanadi.
Qo‘ng‘irot soda zavodining mahsulotlari nafaqat kimyo sanoatida, balki qora va rangli metallsozlikda, oziq-ovqat, yengil va qog‘oz sanoatida, tibbiyotda ham keng qo‘llanilmoqda. “Jizzax plastmassa” OAJ mahsulotlari o‘z xaridorlarini topgan. Bu korxonada turli xil plenkalar, polietilendan tayyorlangan suv va gaz quvurlari, kanalizatsiya quvurlari, suv quyish shlanglari, tog‘oralar, chelaklar, meva-sabzovotlar uchun qutilar va xalq iste’moliga mo‘ljallangan boshqa mahsulotlar ishlab chiqariladi.
Yarmarkaning ochilishiga kelgan turli sanoat tarmoqlari vakillari bu yerda taqdim etilgan ekspozitsiya o‘zlarida katta qiziqish uyg‘otgani va ular o‘zaro foydali hamkorlikka tayyor ekanliklarini bildirayotirlar.
Manba: O`zA


