20 Oktabr 2008 19:50
Toshkent shahridagi “O‘zekspomarkaz”da bo‘lib o‘tadigan Respublika sanoat yarmarkasi va Kooperatsion birjasi tadbirlarida Jizzax viloyatidan uch korxona o‘zining yangi turdagi mahsulotlari bilan ishtirok etadi.
Jizzax shahridagi yiliga 3750 tonna turli hajmdagi polimer quvurlar ishlab chiqarish quvvatiga ega “Zamonaviy polimer quvur” mas’uliyati cheklangan jamiyati mahsulotiga talab katta. Chunki korxonada tayyorlanayotgan gaz, suv va kanalizatsiya tarmoqlari uchun mo‘ljallangan polimer quvurlar har tomonlama qulaylikka ega.
Shu yildan boshlab korxona jamoasi diametri 25 millimetrdan 500 millimetrgacha bo‘lgan quvurlarni ishlab chiqarishga kirishdi. Korxonada mahalliy iste’molchilarga mahsulot yetkazib berish bilan birga xorijga ham 350 million AQSH dollari miqdorida mahsulot sotish imkoniyati mavjud.
Viloyatimizdagi yana ikki korxona – Zomin tumanidagi qishloq xo‘jaligi uchun turli agregat va mexanizmlar tayyorlaydigan “Daichi Agro Mashine” va Jizzax shahridagi polipropilen ip ishlab chiqaradigan “Repoteks Tekstil” korxonalari ham yarmarkada qatnashish uchun qizg‘in tayyorgarlik ko‘rmoqda, – deydi Savdo-sanoat palatasining Jizzax viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i Anvar Bekbo‘tayev. – Ular yarmarkada o‘z mahsulotlarini sotish va xomashyo hamda butlovchi qismlar olish bo‘yicha shartnomalar tuzishni rejalashtirmoqda. Muhimi, ushbu yarmarka viloyatdagi sanoat korxonalariga o‘z mahsulotlarini namoyish etish va yangi hamkorlar topish imkonini beradi. Kooperatsion birjada yangi shartnomalar tuzilishi, shubhasiz, korxonalarning ishlab chiqarish hajmini oshirish, iqtisodiy rivojini ta’minlashga xizmat qiladi.
Manba: www.uza.uz


